Xitoyning Chjuxay shahar sudi 24 iyun kuni poraxo‘rlikda ayblangan Day Daojinni o‘lim jazosiga hukm qildi. U Xunan provinsiyasi Xalq siyosiy maslahat kengashi sobiq rais o‘rinbosari bo‘lib, 15 million dollardan ortiq noqonuniy boylik orttirganlikda ayblandi. Bu haqda “Zamon.uz” xabar bermoqda.
Sud hukmiga ko‘ra, hukm ijrosi ikki yilga kechiktirilgan, bu muddatdan so‘ng u umrbod qamoq bilan almashtirilishi mumkin. Shuningdek, Day Daojin siyosiy huquqlardan umrbod mahrum etildi va mol-mulki musodara qilindi.
U xizmat mavqeyidan foydalangan holda o‘zi yoki qarindoshlari orqali 107 million yuandan ortiq (14,9 million dollar) pora olgani aniqlangan. Uning noqonuniy daromadlari davlat xazinasiga olib qo‘yiladi.
Xitoy rahbari Si Szinpin korrupsiyaga qarshi kurash doimiy davom etishini ta’kidlab, partiyada bunday jinoyatlarga hech qachon toqat qilinmasligini aytgan.