AsosiyDunyo

Makron AQSHning Erondagi yadroviy hujumlarini qoraladi

Fransiya prezidenti AQSHning Eron yadroviy inshootlariga bergan zarbasini xalqaro huquqqa zid deb atadi.

'Makron AQSHning Erondagi yadroviy hujumlarini qoraladi'ning rasmi

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron AQSHning Erondagi yadroviy inshootlarga bergan zarbasini noqonuniy deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bu kabi hujumlar xalqaro huquq me’yorlariga zid va hech qanday asosga ega emas.

“Bu zarbalarning hech qanday qonuniy asosi yo‘q”, – deydi Makron Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Erondagi yadroviy infratuzilmani neytralizatsiya qilish ma’lum ma’noda maqsadli yo‘nalish bo‘lishi mumkin, lekin bu faqatgina diplomatik va texnik vositalar orqali amalga oshirilishi kerak.

Makron qo‘shimcha qildi: “Kuch qo‘llash bo‘yicha xalqaro huquqda aniq qoidalar mavjud. Bu faqat BMT Xavfsizlik kengashi roziligi bilan yoki o‘zini himoya qilish maqsadida qo‘llanilishi mumkin. AQSHning bu harakati – xalqaro huquq doirasidan tashqarida”.

Fransiya rahbari, shuningdek, Eronda harbiy yo‘l bilan rejimni almashtirish g‘oyasiga mutlaq qarshi ekanini bildirdi.

“Biz har safar shunday tanlov qilganimizda, xatoga yo‘l qo‘ydik”, – deydi Makron.

AQSH–Eron munosabatlari yanada keskinlashgan bir paytda, G‘arb yetakchilarining tanqidiy bayonotlari mintaqadagi muvozanatni qanday o‘zgartirishi noma’lum. Fransiyaning pozitsiyasi esa — ochiq: hujumlar emas, muzokaralar.

    Boshqa yangiliklar