AsosiySiyosat

Endi davlat ishiga kirganlar bilan faqat 1 yillik shartnoma tuziladi

Keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytiriladi.

'Endi davlat ishiga kirganlar bilan faqat 1 yillik shartnoma tuziladi'ning rasmi

Endilikda davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuziladi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytiriladi. Bu haqda kecha, 19 iyun kuni qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi.

Unga muvofiq 2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuziladi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytiriladi.

Shuningdek, davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari majburiy “Davlat xizmatiga kirish” maxsus kurslarini va keyinchalik har uch yilda kamida bir marotaba malaka oshirish kurslarini o‘taydi hamda mazkur kurslarning yakunlari bo‘yicha ularning nazariy bilim va ko‘nikmalari diagnostikadan o‘tkaziladi.

Diagnostikada davlat xizmatchilarining tegishli soha va tarmoq bo‘yicha bilim darajasi, hujjatlarni tuzish va davlat tilida ish yuritish ko‘nikmalari, tahliliy, rahbarlik va kommunikativlik malakalari, kompyuter savodxonligi, qonunchilikdagi yangiliklarni, O‘zbekiston tarixi va xorijiy tillarni o‘zlashtirgani, umumiy eruditsiyasi, psixologik diagnozi va intellektuallik koeffitsiyenti (IQ) kabi ko‘rsatkichlari baholanadi.

Diagnostika va faoliyat samaradorligi (KPI) natijalari Xodimlarning kasbiy kompetensiyalari rivojlanishini uzluksiz onlayn monitoring qilish tizimida (keyingi o‘rinlarda Monitoring tizimi) yig‘iladi va tahlil qilinadi. Monitoring tizimi tahlili natijalariga ko‘ra, xodimning mavjud bilim va ko‘nikmalarini kasbiy rivojlantirish xaritasi – portfoliosi yaratiladi.

Bundan tashqari, kasbiy rivojlantirish xaritasi asosida davlat xizmatchisi rivojlantirishi lozim bo‘lgan “yumshoq” va “qattiq” ko‘nikmalari bo‘yicha majburiy malaka oshirish, shu jumladan, mustaqil ta’lim olish dasturini o‘taydi.

Vazirlik va idoralar tomonidan xodimlarni xorijda o‘qitish, tayyorlash, malakasini oshirish hamda stajirovkasini tashkil etish, shu jumladan, grantlar yoki donorlar mablag‘lari hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida davlat xizmatchilarini o‘qitish, tayyorlash, malakasini oshirish hamda stajirovkasi bilan bog‘liq tadbirlar majburiy tartibda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgandan so‘ng amalga oshiriladi.

    Boshqa yangiliklar