Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda 110 mingta uy buzilishi boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bu xabarlar asossiz ekanligini bildirdi.
“Bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — deyiladi vazirlik raddiyasida.
Qayd etilishicha, ayni kunlarda mamlakatda ko‘p qavatli uy-joy fondining seysmik holatini o‘rganish va baholash ishlari olib borilmoqda. Bu tadbirlar aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida profilaktik tarzda amalga oshirilmoqda.
Hozirda hech qanday rasmiy hujjatlarga ega bo‘lmagan bitta obyektda seysmik talablarga mos kelmaslik holati aniqlangan. Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ushbu obyekt bo‘yicha belgilangan tartibda tegishli chora-tadbirlar ko‘rilgan.
“Ayni vaqtda ommaviy ravishda uy-joylarni buzishga oid hech qanday qaror yoki reja mavjud emas”, — deyiladi xabarda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi fuqarolardan ishonchsiz manbalar orqali tarqalayotgan asossiz xabarlarga ishonmaslik va rasmiy ma’lumotlarga tayanishni so‘radi. Shuningdek, yolg‘on axborot tarqatganlik uchun qonunchilikda javobgarlik belgilanganini eslatib o‘tdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘p kvartirali uylar soni 46 476 taga yetdi. Shundan besh qavatli va undan ortiq bo‘lgan uylar esa 12 604 tani yoki jamiga nisbatan 27,1 foizni tashkil etdi.
Prezident qarori bilan 2024 yil 1 iyundan MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obyektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan, seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Toshkent shahri hududi seysmik potensiali yuqori bo‘lgan zonada joylashgan bo‘lib, hududda magnitudasi M 6,5 ball va unda yuqori bo‘lgan zilzilalar sodir bo‘lish xavfi bor.