Adliya vazirligi tomonidan texnikum va akademik litseylar faoliyatini baholash tartibi rasman roʻyxatdan oʻtkazildi. Unga koʻra, endilikda ushbu taʼlim muassasalari uchun alohida milliy reyting shakllantirilib, uni Taʼlim sifatini taʼminlash agentligi yuritadi.
Reyting har yili 10 oktyabrgacha eʼlon qilinadi va u vazirliklar axborot tizimlari, taʼlim muassasalari maʼlumotlari hamda oʻquvchilar, oʻqituvchilar va ish beruvchilar ishtirokidagi soʻrovnomalar asosida shakllantiriladi.
Yangi tartibga koʻra, eng yuqori natija koʻrsatgan 50 ta texnikumga katta miqdorda moliyaviy ragʻbat ajratiladi. Mablagʻning asosiy qismi moddiy-texnika bazasini yaxshilashga, qolgan qismi esa xodimlarni ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur tizim kasbiy taʼlimda sifatni oshirish va sogʻlom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.






