Bugun Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat aholisiga tabrik yo‘lladi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident o‘z tabrigida Qurbon hayitining islom ummati uchun tutgan o‘rni, uning insoniylik, saxovat va mehr-shafqat kabi yuksak qadriyatlarni targ‘ib qilishi haqida ta’kidlab o‘tdi. Ushbu bayram Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan insonparvar islohotlar bilan uyg‘un ekani alohida qayd etildi.
– “Qurbon hayiti xalqimiz orasidagi mehr-oqibat, totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlayotgani, ehtiyojmand toifalarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani” – deyiladi tabrikda.
Prezident, shuningdek, mamlakatda diniy bag‘rikenglik va millatlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. U Samarqandning 2025 yilda Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilinganini, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalar merosini tadqiq etishga katta e’tibor qaratilmoqda, deya ta’kidladi.
Shu kunlarda 15 mingga yaqin o‘zbekistonliklar muqaddas haj safarida ekanligi ham tilga olinib, Prezident ularni Qurbon hayiti bilan qutlab, sog‘-salomat yurtga qaytishlarini tiladi.
Mirziyoyev, shuningdek, xorijdagi vatandoshlar va jahon musulmonlarini ham bayram bilan tabriklab, barchalarga tinchlik, farovonlik va omad tiladi.
– “Muhtaram yurtdoshlar, Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, tinchlik, sihat-salomatlik va xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman”, – deya yakunladi o‘z tabrigida davlat rahbari.