Interpolning O‘zbekiston Milliy markaziy byurosi xodimlari kuzatuvi ostida xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki nafar ayol fuqaro Maskat shahridan Toshkentga olib kelindi. Bu haqda Interpol O‘zbekiston byurosi xabar berdi.
Keng qamrovli tezkor-qidiruv tadbirlari va xorijiy hamkorlar bilan samarali axborot almashinuvi natijasida Ummon Sultonligi hududida xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki nafar ayol fuqaroning qayerda ekani aniqlandi va ular ushlandi.
Joriy yilning 23 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Interpol Milliy Markaziy Byurosi xodimlari tomonidan ularning ekstraditsiyasi amalga oshirildi. Ikkala ayol ham firibgarlik va odam savdosi bilan ayblanib, qidiruvda bo‘lgan edi.
Firibgarlik bilan bog‘liq xatti-harakati uchun qidiruvda bo‘lgan shaxslarni ekstraditsiya qilish jarayonini amalga oshirish maqsadida kuzatuv guruhi Ummon Sultonligining Maskat shahriga jo‘nab ketdi. Interpol Maskat Milliy markaziy byurosi vakillari bilan uchrashuv davomida, O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan xalqaro miqyosda qidiruv e’lon qilingan, odam savdosi bilan shug‘ullanishda gumon qilinayotgan yana bir jinoyatchi ayol qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi. O‘tkazilgan uchrashuv natijasida soddalashtirilgan ekstraditsiyani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shu tariqa, o‘rnatilgan hamkorlik munosabatlari va ikki tomonlama amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida qidiruvdagi shaxslar sud oldida javobgarlikka tortilishi va munosib jazo olishi uchun O‘zbekiston Respublikasidagi Interpol Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirildi.