Aviachiptalarning sun’iy yetishmasligini keltirib chiqargan aviakompaniyalarga chora ko‘riladi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Bugungi kunda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan aviachipta narxlarini barqarorlashtirish, ichki yo‘nalishlarga tegishli “havo erkinliklari” va boshqa rag‘batlantiruvchi mexanizmlar asosida xususiy sektorni, shu jumladan xorijiy kompaniyalarni jalb qilish, mahalliy tashuvchilarga teng shartlarda subsidiya berish orqali mahalliy yo‘nalishlarda aholiga xizmat ko‘rsatish ko‘lamini oshirish choralari ko‘rilyapti”, deyiladi xabarda.
Raqobat qo‘mitasi mahalliy va xalqaro parvozlarni amalga oshiruvchi yo‘lovchi tashuvchi kompaniyalar raqobatga yoki iste’molchilar manfaatlariga zid harakatlarni amalga oshirganida, shu jumladan, sun’iy ravishda chiptalarni savdoga chiqarmaslik holatlari aniqlanganda qonunchilikka asosan chora ko‘rilishini bildirdi.