Fuqarolarni AQSHga noqonuniy yo‘llar bilan yuborishga uringan mahalliy hamda xorijiy fuqarolarning harakatlari bartaraf etildi. Bu haqda DXX axborot xizmati darakchi.uz'ga xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXX tomonidan Bosh Prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand shahrida yashovchi, 1992 y.t. fuqaro horijiy fuqaroning ishonchiga kirib, uni va 4 nafar oila a’zolarini har birini 30 ming AQSH dollaridan, jami 150 ming AQSH dollari evaziga Turkiya davlati orqali AQSHga ishlash uchun yuborishini aytadi. So‘ngra, viza hujjatlarini mansabdor tanishlari orqali tayyorlab berishi uchun oldindan 15 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Navbatdagi holatda, poytaxtda vaqtincha istiqomat qilib kelayotgan 2004 y.t. xorijiy fuqaro boshqa chet et fuqarosining ishonchiga kirib, unga Buyuk Britaniya soxta fuqarolik pasportlarini tayyorlatib berish imkoniyati borligini aytadi. So‘ngra, mazkur soxta pasportlar yordamida AQSHga Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari orqali ularni jo‘natib yuborishi evaziga jami 25 ming AQSH dollari talab qiladi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu fuqaro oldindan 12,500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, uning yashash xonadonidan qalbaki pasport va ID-kartalar ham ashyoviy dalil sifatida olindi.
Har ikkala holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.