Vatikan konklavidagi kardinallar kecha, 7 may kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berishning birinchi bosqichida yangi papani tanlay olmadi. Sistina ibodatxonasining tomiga o‘rnatilgan mo‘ridan chiqayotgan qora tutun shundan dalolat beradi.
Qora tutun shuni anglatadiki, nomzodlarning hech biri ko‘pchilik kardinallar tomonidan qo‘llab-quvvatlana olmagan. Agar kardinallar yangi papani tanlaganlarida, mo‘ridan oq tutun chiqardi.
Vatikandagi ovoz berish uch soatdan ortiq davom etdi. Ovoz berishda 133 nafar kardinal ishtirok etdi. Yangi papani tanlash uchun ishtirokchilarning uchdan ikki qismidan ko‘pi, ya’ni kamida 89 kishi bitta nomzodga ovoz berishi kerak.
OAV xabarlariga ko‘ra, konklavning birinchi kunida Avliyo Pyotr maydoniga 45 mingdan ortiq odam yig‘ilgan.
Ovoz berishning ikkinchi bosqichi bugun, 8 may kuni ertalab, mahalliy vaqt bilan taxminan 10:30 (Toshkent vaqti bilan 13:30) da boshlanishi rejalashtirilgan.
Konklavning birinchi kunida ovoz berishning faqat bitta bosqichi o‘tkaziladi. Keyingi turlar boshqa kunlarda bo‘lib o‘tadi. Konklavning dastlabki to‘rt kunida kuniga to‘rttagacha ovoz berish o‘tkazilishi mumkin.
Umuman olganda, yangi papani tanlash tartibi 33 tagacha ovoz berishni o‘z ichiga oladi. Agar 33 tur davomida hech bir nomzod kardinallarning uchdan ikki qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasa, ovoz berishning so‘nggi bosqichida yetakchilik qilgan ikki nomzod saylanadi. Bunday holda, g‘alaba qozonish uchun oddiy ko‘pchilik ovoz talab qilinadi.