Shimoliy Koreya Rossiyaga taxminan 15 mingga yaqin ishchi yuborgan. Bu haqda Janubiy Koreya razvedkasiga tayanib, The Wall Street Journal xabar berdi.
Bu BMT Xavfsizlik kengashining Pxenyanning yadroviy va ballistik dasturlarini moliyalashtirishni cheklash maqsadida joriy qilgan sanksiyalarini buzadi. Ushbu sanksiyalar Shimoliy Koreya fuqarolarining xorijda mehnat qilishini taqiqlaydi.
Ko‘plab shimoliy koreyalik muhojirlar Rossiyaga talaba vizasi bilan kelgan. 2024 yilda ularning soni avvalgi yilga nisbatan 12 baravarga oshgan. Shu yili KXDR fuqarolariga 8 600 ga yaqin talaba vizasi berilgan. Bir yil oldin Rossiya Ta’lim vazirligi mamlakat oliy o‘quv yurtlarida ushbu davlatning 130 nafar fuqarosi o‘qigani haqida xabar bergandi.
Hozirda Shimoliy Koreyadan kelgan migrantlar asosan Rossiyaning Uzoq Sharq mintaqasida ishlamoqda. Biroq yaqin orada ular yirik shaharlarga, jumladan Moskvaga jalb etilishi mumkin. KXDR ishchilari Ukrainadagi urush tufayli Rossiyada ishchi kuchi tanqisligini qoplash uchun zarur bo‘lmoqda.
Hatto KXDRdan kelayotgan ishchilarning keskin ko‘payishi ham bu tanqislikni to‘liq qoplay olmaydi, biroq yordam berishi mumkin. Rossiyalik ish beruvchilar shimoliy koreyalik ishchilarni kam haq evaziga har kuni 12 soatlab shikoyatsiz ishlashga tayyor bo‘lgani uchun qadrlaydi, deyiladi xabarda.
BMTning 2019 yilda kuchga kirgan sanksiyalaridan oldin Pxenyan Rossiyaga o‘n minglab ishchilar yuborgan. Ular asosan qurilish va o‘rmonchilik sohasida ishlagan. Shimoliy Koreyadan qochganlarning so‘zlariga ko‘ra, u yerda hukumat ishchilarning maoshining taxminan 90 foizini olib qo‘ygan. Ularga esa oyiga atigi 100–200 dollar qolgan.
Shunga qaramay, bu summa aholisi bir necha dollar ishlab topadigan mamlakatda katta hisoblanadi. 2019 yil oxirida BMT sanksiyalari kuchga kirgan paytda Rossiyada 30 mingga yaqin shimoliy koreyalik ishchi bo‘lgan.
️Moskvadagi qurilish kompaniyasi rahbari Andrey Orlov Shimoliy Koreya vositachilari orqali ishchilar yollagan va yaqinda yana ularni qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan. U yaqin orada 50, yozga borib esa 300 dan ortiq ishchini kutmoqda. BMT hisobotiga ko‘ra, Rossiyada shimoliy koreyaliklar 120 ga yaqin kompaniyada ishlamoqda.