Hozirgina UEFAning Nondagi qarorgohida Chempionlar ligasi pley-off bosqich 1/8 finaliga qur`a tashlandi.
Tadbirga mehmon sifatida ispaniyalik mashhur futbolchi, Angliyaning “Liverpul” jamoasi safida UEFA Chempionlar ligasi g`olibligini qo`lga kiritgan Luis Garsiya taklif etildi.
Aynan Garsiya tomonidan tortilgan sharchalar yordamida 1/8 final juftliklari aniqlandi. Unga ko`ra klublar o`rtasidagi eng nufuzli musobaqaning bahorgi mavsumida quyidagi juftliklar o`zaro to`qnash keladigan bo`lishdi:
“Shalke” (Germaniya) – “Manchester Siti” (Angliya)
“Atletiko” (Madrid, Ispaniya) – “Yuventus” (Italiya)
“Manchester Yunayted” (Angliya) – “Pari Sen-Jermen” (Fransiya)
“Tottenxem” (Angliya) – “Borussiya” (Dortmund, Germaniya)
“Lion” (Fransiya) – “Barselona” (Ispaniya)
“Roma” (Italiya) – “Portu” (Portugaliya)
“Ayaks” (Gollandiya) – “Real” (Ispaniya)
“Liverpul” (Angliya) – “Bavariya” (Germaniya)
Ushbu juftliklar orasida shubhasiz “Liverpul” – “Bavariya” qarama-qarshiligi 1/8 finaldagi eng markaziy o`yin, maqomiga munosib. Bir qarashda hozirgi “Liverpul” Bundesligada u qadar ishonchli o`yin ko`rsatolmayotgan myunxenliklardan ustundek.

Ammo, “Bavariya” katta o`yinlarni qanday yutishning yaxshi hadisini olgan. Boz ustiga jamoaning yangi ustozi Niko Kovach asta-sekin nemis mashinasining murvatlarini tuzatib bormoqda va tez orada biz yana avvalgi “Bavariya”ni ko`rsak ajabmas.
“Manchester Yunayted” – PSJ juftligi ham muxlislarga betakror onlarni taqdim etishiga shubha yo`q. To`g`ri, hozirda “MYu”ning ishlari unchalik yaxshi emas. Ammo, ChLning 1/8 finaliga ikki oydan keyin start beriladi. U vaqtgacha Joze Mourino jamoasi optimal holga kelib olsa, parijliklarga oson bo`lmaydi.

Boz ustiga qishki transfer mavsumida “qizil iblislar” katta transferlarni amalga oshirishi kutilmoqda. Shunday ekan, ushbu qarama-qarshilik bizga ajoyib syurpriz taqdim etsa ajablanmaymiz.
Va albatta nimchorak finalning “Atletiko” – “Yuventus” juftligi ham futbol fanatlarini befarq qoldirmasligi aniq. “Keksa sinora” o`z safini Krishtianu Ronaldu bilan kuchaytirib olgach, A Seriyada raqobatdan xolidek tasavvur uyg`onmoqda. Va tabiiyki ular endi ChL bosh sovrinini ko`zlashmoqda, desak xato bo`lmaydi. Qolaversa, faoliyatini davom ettirayotgan charm to`p ustalari orasida ushbu musobaqaning besh karra g`olibi bo`lmish Kri Ro (bir marta “MYu” va to`rt marta “Real” safida) o`z uyiga oltinchi kubokni olib ketishga ham qarshi bo`lmasa kerak.

Agar ushbu holat sodir bo`lsa, Ronaldu mutlaq rekordchiga aylanib oladi. Ammo, joriy ChLning final uchrashuvi Madriddagi “Vanda Metropolitona” stadionida o`tkazilishini hisobga olsak, Diego Simeone shogirdlari ham finalni ko`zlashayotganiga shubha qilmasak ham bo`ladi. Eng qizig`i, bu jamoalarning ikkalasi ham himoyani xush ko`rishadi. Biroq, pley-off bosqichida himoyaviy o`yin bilan maqsadga erishib bo`lmaydi, xush, ulardan qay biri o`z an`anasiga qarshi borarkin.
Nimchorak finaldan o`rin olgan “Tottenxem” – “Borussiya” (Dortmund) qarama-qarshiligi ham hech bir muxlisni befarq qoldirmaydi. Ularning ikkalasi ham tarkibida ko`plab iqtidorli yoshlarni jamlagan.

Qolaversa, Maurisio Pochettino shogirdlari ham, dortmundliklar ham muhim o`yinlarda qanday harakat qilishni yaxshi bilishadi. Xullas, qanchalik achinarli bo`lmasin, ulardan qay biridir musobaqani shu bosqichdayoq tark etishga majbur bo`ladi.
Eslatib o`tamiz, 1/8 finalning dastlabki uchrashuvlari 12-13 hamda 19-20 fevral kunlari, javob o`yinlari esa (5-6 va 12-13 mart kunlari o`tkaziladi.






