O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari A.Abduhakimov boshchiligidagi delegasiya YuNESKO bilan hamkorlikni mustahkamlash bo`yicha uchrashuvlar o`tkazish maqsadida Fransiyaga tashrif buyurdi.
Tashrif chog`ida O`zbekiston delegasiyasi YuNESKO Bosh direktorining tashqi aloqalar bo`yicha o`rinbosari E.Matoko bilan muzokaralar olib bordi, ularda mamlakatimiz rahbariyatining O`zbekistonda birgalikdagi tadbirlarini amalga oshirish bo`yicha keyingi tashabbuslari va takliflari, xususan, moddiy va nomoddiy madaniy merosni samarali saqlashga bag`ishlangan xalqaro konferensiyani o`tkazish masalalari muhokama qilindi.
YuNESKOdagi yig`ilishda tomonlar O`zbekiston bilan Tashkilot o`rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va ularni chuqurlashtirish istiqbollari haqida fikr almashdilar. O`zbekiston xalqining boy tarixiy va madaniy merosiga va YuNESKO kabi global va nufuzli xalqaro tuzilmaning muhim imkoniyatlariga asoslangan mavjud hamkorlik salohiyatini izchil amalga oshirishda o`zaro manfaatdorlik ta`kidlandi.

E.Matoko O`zbekistonning tarixiy-madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi so`nggi qadamlarini mamnuniyat bilan kutib oldi. U tomonlar o`rtasidagi hamkorlik yo`nalishlarini kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirishda har taraflama qo`llab-quvvatlashni taklif etdi.






