Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy va o`rta maxsus ta`lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjatda O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklarining 2019/2020 o`quv yilidan boshlab tajriba tariqasida ta`lim xizmatlari bozorida yo`nalishlari va mutaxassisliklarga talab yuqoriligini va moliyaviy barqarorligini inobatga olib, bir qator oliy ta`lim muassasalarini bosqichma-bosqich o`zini-o`zi moliyalashtirish tizimiga o`tkazish bo`yicha takliflariga rozilik berilishi ko`zda tutilmoqda.
Hujjatga ko`ra, o`zini-o`zi moliyalashtirish tizimiga o`tayotgan oliy ta`lim muassasalariga quyidagilarni mustaqil belgilash huquqi beriladi:
- ta`lim jarayoniga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish, ko`rsatiladigan ta`lim xizmatlari sifatini oshirish maqsadida xodimlarga ustamalar, qo`shimchalar hamda moddiy rag`batlantirishning boshqa turlari miqdorlarini belgilash;
- iqtidorli talabalarga, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan bo`lgan talabalarga nisbatan moddiy rag`batlantirish va qo`llab-quvvatlash choralarini qo`llash;
- barcha mablag`larini saqlash xarajatlariga, qo`yilgan vazifa va majburiyatlarni amalga oshirishga, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, o`qitishning innovasion shakl va uslublarini joriy qilishga hamda xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga sarflash;
- oliy ta`lim muassasasi infratuzilmasiga servis xizmatlari ko`rsatishning alohida turlari, jumladan, bino va inshootlar, talabalar turar joylari, sport ob`ektlari ekspluatasiyasi, ularni tozalash, ta`mirlash, kompyuter texnikasi va telekommunikasiya tarmoqlarini saqlash va yuridik xizmatlari ko`rsatishni xususiy boshqaruvga (autsorsing usuli bo`yicha) berish;
- bo`ysunuvi bo`yicha vazirlik va idora bilan kelishilgan holda oliy ta`lim muassasasining ilmiy-pedagogik salohiyati hamda uning moddiy-texnik bazasi imkoniyatlarini inobatga olgan holda talabalarni to`lov-kontrakt asosida o`qishga qabul qilishning har yillik qabul ko`rsatkichlari hamda yangi ta`lim yo`nalishlari va mutaxassisliklar ochilishini belgilash;
- bo`ysunuvi bo`yicha vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda to`lov-kontrakt asosida o`qitish qiymatini oliy ta`lim muassasasini o`zini-o`zi to`liq moliyaviy ta`minlash miqdorida belgilash.






