O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va armiyani raqamlashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda so‘nggi yillarda dunyodagi qurolli mojarolarda uchuvisiz uchadigan apparatlar, robotlashtirilgan tizimlar, radioelektron kurash vositalari hamda zamonaviy boshqaruv texnologiyalari keng qo‘llanilayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan armiyani modernizatsiya qilish bilan bir qatorda yangi avlod harbiy mutaxassislarini tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Prezident armiyani raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shuningdek, yagona vertikal boshqaruv tizimi yaratilib, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etilgan.
Endilikda harbiy ta’lim jarayoni zamonaviy jangovar harakatlar va qo‘shinlardagi ehtiyojlar asosida qayta shakllantirilmoqda. Yangi o‘quv dasturlarida nazariya va amaliyot uyg‘unligiga ustuvor ahamiyat berilib, kursantlarning xizmat jarayoniga yaqin sharoitda tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, bakalavr bosqichida tahsil oluvchi harbiy kadrlarga xorijiy tillar, axborot texnologiyalari va sun’iy intellektni chuqur o‘qitish rejalashtirilmoqda.
Qo‘mondonlik-shtab ofitserlari uchun esa ilg‘or xorijiy tajriba asosida uch bosqichli yangi o‘qitish tizimi joriy etiladi.
Taqdimotda serjantlar tayyorlash tizimini kengaytirish masalasi ham muhokama qilingan. Xususan, oliy harbiy ta’lim muassasalarida serjantlar uchun oltita fuqarolik mutaxassisligi bo‘yicha masofaviy ta’lim yo‘lga qo‘yilishi aytilgan.
Shuningdek, aviatsiya va dronlar sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimi takomillashtirilib, Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari uchun yagona sertifikatlash tartibi joriy etiladi.
Taqdimotda armiyani raqamlashtirish va kiberxavfsizlik masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Qayd etilishicha, keyingi yillarda Mudofaa vazirligi tizimida aloqa infratuzilmasi modernizatsiya qilingan, himoyalangan ma’lumot almashinuv kanallari rivojlantirilgan va 50 ga yaqin axborot tizimi ishlab chiqilgan.
Xususan, “Chaqiruv” elektron tizimi 19 ta vazirlik va idora bilan integratsiya qilinib, chaqiruv jarayonlarini to‘liq elektron shaklda amalga oshirish imkoni yaratilgan.
Harbiy tibbiyot sohasida esa yagona tibbiy axborot tizimi va telemeditsina joriy etilgan.
Shu bilan birga, kibertahdidlarni aniqlash va ularning oldini olish maqsadida Axborot xavfsizligi monitoring markazi tashkil etilgani ma’lum qilindi.
Taqdimot yakunida Prezident armiyani raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va kiberxavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan qator hujjatlarni imzolagan.
Shuningdek, Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Raqamli texnologiyalar bosh boshqarmasi, Sun’iy intellekt texnologiyalari departamenti va Kiberxavfsizlik laboratoriyasi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Prezident mutasaddilar oldiga mudofaa sohasini to‘liq raqamlashtirish, milliy sun’iy intellekt modellarini yaratish va malakali harbiy kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha vazifalar qo‘ydi.






