Qayd etilishicha, tezkor tadbirlar Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan.

Holatlardan birida Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Andijon viloyati hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi tadbirkordan 15 ming AQSh dollari talab qilgani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkor Izboskan tumanidagi davlat mulki obyektini sotib olish bo‘yicha shartnoma shartlarini bajarmagani vaj qilinib, shartnomani bekor qilish hamda jarima undirish yuzasidan sudga apellyatsiya shikoyati kiritilgan. Mansabdor esa yuqori lavozimdagi tanishlari orqali sud qarorini tadbirkor foydasiga hal qilib berish va shartnomani bekor qilmaslik evaziga pora so‘ragan.

U so‘ralgan pul mablag‘ini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Yana bir holatda “Hududiy elektrom tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Andijon hududiy filiali muhandisi yakka tartibdagi tadbirkorning sholi quritish sexida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani bo‘yicha 650 million so‘m zarar hisoblanishini aytgan.
Ushbu miqdorni 40 million so‘mgacha kamaytirib berish evaziga u tadbirkordan 15 ming AQSh dollari talab qilgan. Muhandis 10 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, viloyat tumanlaridan birining Kadastr bo‘limi boshlig‘i fuqaroga uy-joy qurish uchun 8 sotix va dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun 17 sotix yer ajratib berish evaziga avvalroq 3 ming AQSh dollari olgani ma’lum qilindi.

Tergovga qadar tekshiruvlarda mansabdor fuqaroga yer ajratilgani haqida soxta hujjat ham rasmiylashtirib bergani aniqlangan.
Joriy yil boshida o‘tkazilgan xatlov jarayonida mazkur yer maydoni noqonuniy ajratilgani fosh bo‘lgan va fuqaroga 82 million so‘m jarima qo‘llanilgan.
Keyinchalik kadastr xodimi 3 ming dollar pulni uchinchi shaxs orqali qaytarib bergan vaqtida ushlangan.
Hozirda har uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






