Jarohatlangan forvard bo‘sh vaqtida ta’tilga chiqqan, ammo bu uni tanqidlardan asray olmadi — jamoa bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa uni himoya qilishga majbur bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, Mbappe 24 aprel kuni “Real Betis”ga qarshi uchrashuvda (1:1) tizza osti payini shikastlab olgan. Klub hali uning qachon safga qaytishi borasida aniq ma’lumot bermagan. Ayrim manbalar forvard mavsum oxirigacha o‘ynay olmasligini aytsa, boshqalar uning 10 may kuni “Barcelona”ga qarshi klasikoda ishtirok etishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Shu bilan birga, fransuz yulduz sevgilisi — aktrisa Ester Ekspozito bilan Italiyaning Kalyari shahriga yo‘l olgani ma’lum bo‘ldi. Marca va L’Equipe nashrlariga ko‘ra, bu qaror jamoa ichidagi muhitni yanada murakkablashtirgan.
Xabarlarga qaraganda, Mbappening ayrim jamoadoshlari, jumladan Vinisius Junior bilan munosabatlari ham sovuqlashgan. Klubdagilar futbolchi tiklanish jarayonida bunday sayohatni maqbul qaror deb hisoblamagan.
Fanatlar ham bu holatni qattiq tanqid qilmoqda. Madridlik muxlislar hatto klub rahbariyatidan Mbappeni jamoadan ketkazishni talab qiluvchi petitsiya boshladi. Ikki kun ichida unga 14 milliondan ortiq kishi imzo chekkan.
Biroq Diario AS ma’lumotiga ko‘ra, futbolchi jamoaga qaytgach, dam olish kunlarida ham bazaga kelib fizioterapevtlar bilan ishlagan. Yaqin kunlarda u MRT tekshiruvidan o‘tadi va shundan keyin klasikodagi ishtirokiga oydinlik kiritiladi.
Arbeloa esa futbolchini himoya qildi:
— Mbappe boshqa har qanday futbolchi kabi bo‘sh vaqtida xohlagan ishini qilishi mumkin. Bizga har bir futbolchi kerak. “Real” smokingda emas, ter va loyga botgan futbolkalarda g‘alaba qozonadi, — dedi mutaxassis.
Bu orada “Espanyol”ga qarshi o‘yinda dubl qayd etgan Vinisius jamoaning asosiy yetakchisiga aylanib bormoqda.
Yana bir qiziq xabar: jurnalist “Fransua Gallardo”ga ko‘ra, Mbappening onasi va agenti Fayza Lamari go‘yoki klub prezidenti “Florentino Peres”ga yozda Vinisiusni sotish haqida ultimatum qo‘ygan.
Ayni paytda “Real” chempionat jadvalida 77 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda va chempionlik masalasi klasikoda hal bo‘lishi mumkin.






