AsosiyJamiyat

Oliy sud yana 161 nafar qatag‘on qurbonini oqladi

2026 yil 6 may kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlislarida Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan 8 ta jinoyat ishi bo‘yicha 161 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarildi.

'Oliy sud yana 161 nafar qatag‘on qurbonini oqladi'ning rasmi

Oʻzbekistonda sovet davrida qatagʻon qilingan yana bir guruh vatandoshlar oqlandi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 1920–1934 yillarda sovet hokimiyatiga qarshi harakatlarda ayblanib javobgarlikka tortilgan 161 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan.

Qayd etilishicha, mazkur ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatagʻon qurbonlarining merosini yanada chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi asosida amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda respublika ishchi guruhi tashkil etilgan boʻlib, qatagʻon qurbonlarining nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish boʻyicha maxsus “yoʻl xaritasi” tasdiqlangan. Izlanishlar doirasida mutaxassislarga vazirlik va idoralarning arxiv materiallaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Shuningdek, Oliy sudda ham avval reabilitatsiya qilinmagan qatagʻon qurbonlarini oqlash boʻyicha alohida ishchi guruh faoliyat yuritmoqda. Uning izchil faoliyati natijasida soʻnggi yillarda jami 1 236 nafar shaxs oqlangani qayd etilgan.

Soʻnggi ishlarda 1920–1934 yillarda Turkfrontning Fargʻona qoʻshinlar guruhi Harbiy kengashi huzuridagi Fargʻona maxsus boʻlimi hamda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi huzuridagi “Uchlik” qarorlari bilan sudlangan bir guruh shaxslarga oid jinoyat ishlari koʻrib chiqilgan.

Ular bosmachilik harakatlariga yordam berish, qurolli guruhlar tashkil etish, sovet hokimiyatiga qarshi qoʻzgʻolon va aksilinqilobiy faoliyatda ayblangan.

2026 yil 6 may kuni boʻlib oʻtgan ochiq sud majlislarida Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan 8 ta jinoyat ishi boʻyicha 161 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarildi.

Eslatib oʻtamiz, 2024 yil 6 may kuni ham Oliy sud jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan 1930–1938 yillarda nohaq jazoga tortilgan 198 nafar shaxs oqlangan edi. Bu ishlar Bosh prokuror oʻrinbosari tomonidan kiritilgan kassatsiya protestlari asosida qayta koʻrib chiqilib, qanoatlantirilgan.

    Boshqa yangiliklar