Maʼlum qilinishicha, bolalar tuman tibbiyot birlashmasiga sogʻlom holda olib kelingan va shu yerda sunnat qilingan. Biroq tergov maʼlumotlariga koʻra, tibbiy muolaja jarayonida belgilangan tartiblar qoʻpol ravishda buzilgan boʻlishi mumkin.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ikki holat yuzasidan tekshiruv oʻtkazilgan. Tibbiyot xodimlarining xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida yuzlashtirish, eksgumatsiya va boshqa protsessual harakatlar belgilangan.
Shu asosda 2026 yil 2 may kuni Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi — kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Qayd etilishicha, 5 yoshli Elxon Tursunov 22 mart kuni xatna qilingan. Ota-onasining aytishicha, oradan bir kun oʻtib bolaning ahvoli ogʻirlashgan va kesilgan joydan qon ketishi kuzatilgan.
Bola shifoxonaga olib borilganida, uni operatsiya qilgan jarroh ishda boʻlmagani uchun boshqa shifokor koʻrik oʻtkazgan va ahvolini xavfsiz deb baholagan. Biroq bolaning issigʻi koʻtarilib, ahvoli tobora ogʻirlashib borgan.
Ota-onaning soʻzlariga koʻra, keyinchalik uyga chaqirilgan jarroh ham bolaning holatiga jiddiy eʼtibor qaratmagan. Shundan soʻng bola yana shifoxonaga, jonlantirish boʻlimiga olib ketilgan va koʻp oʻtmay vafot etgan.
Oradan koʻp oʻtmay, 3 aprel kuni shu tibbiyot muassasasida 2 yoshli Hamidjon Toʻxtayev ham xatna qilinganidan keyin ahvoli yomonlashgan.
Bolaning onasiga koʻra, amaliyotdan keyin unda allergik holatlar va yuqori harorat kuzatilgan. Issigʻi bir necha kun tushmagan, bola ovqat yemay qoʻygan. Shifokorlar esa buni “tabiiy holat” deb baholagan.
8 aprel kuni esa bola shifoxonada vafot etgan.
Navbatchi shifokorning maʼlum qilishicha, xatna amaliyotidan oldin har bir bola toʻliq tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilishi shart. Agar tahlillar qoniqarsiz chiqsa, muolaja qoldirilishi kerak. Ammo har ikki bola ham amaliyotdan avval tegishli tekshiruvlardan oʻtkazilmagani aytilmoqda.






