Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Islomoboddda Pokiston armiyasi boshlig‘i feldmarshal Osim Munir bilan uchrashdi. Muloqot AQSh va Eron o‘rtasida to‘xtab qolgan muzokaralarni qayta yo‘lga qo‘yish masalasiga bag‘ishlangan.
Eron elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda Pokiston ichki ishlar vaziri Mohsin Naqvi, milliy xavfsizlik maslahatchisi va razvedka rahbari general-leytenant Osim Malik ham ishtirok etgan.
Tomonlar Vashington va Tehron o‘rtasida ehtimoliy ikkinchi bosqich muzokaralari bo‘yicha fikr almashgan. Pokiston manbalariga ko‘ra, uchrashuv yaqin kunlarda bo‘lishi mumkin bo‘lgan diplomatik jarayonlarga tayyorgarlik sifatida baholanmoqda.
Birinchi bosqich muzokaralar ikki hafta avval Islomoboddda o‘tkazilgan bo‘lib, ammo hech qanday kelishuvga erishilmagan. Bu jarayon Pokiston vositachiligida 8 aprel kuni e’lon qilingan vaqtinchalik tinchlik kelishuvi ortidan boshlangan edi.






