Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida yashovchi, 2005 yilda tug‘ilgan va muqaddam sudlangan shaxsning noqonuniy harakatlari aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Unda qayd etilishicha, gumonlanuvchi 2026 yil aprel oyida SIM-karta orqali akkaunt ochib, avval boshqa fuqaro nomida bo‘lgan raqamda saqlanib qolgan shaxsiy va oilaviy suratlarni sun’iy ravishda qayta ishlagan.
U ushbu materiallarni jabrlanuvchining yaqinlariga yuborib, Telegram kanallarida tarqatish bilan tahdid qilgan hamda bundan voz kechish evaziga pul talab qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, u tovlamachilik orqali turli bank kartalari orqali jami 800 ming so‘mdan ortiq mablag‘ni qo‘lga kiritgan. Gumonlanuvchi Andijon shahrida ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Namangan shahar IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-modda 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.






