Davlat rahbari sportni sog‘lom turmush, intizom va mamlakat nufuzini belgilaydigan muhim kuch sifatida ta’kidladi.
So‘nggi yillarda yuzlab sport inshootlari barpo etilgani, yoshlar orasida professional sportga qiziqish oshgani qayd etildi. Faqat o‘tgan yilning o‘zida o‘zbekistonlik sportchilar xalqaro arenalarda 450 dan ortiq oltin medalni qo‘lga kiritdi, o‘nlab rekordlar yangilandi.
Shu bilan birga, mavjud imkoniyatlar to‘liq ishlatilmayotgani tanqid qilindi. Masalan, Zarbdor tumanida ommaviy sport yaxshi yo‘lga qo‘yilgani e’tirof etilgan bo‘lsa, boshqa hududlarda bu borada ishlar sustligi ko‘rsatib o‘tildi. Ayrim hokimlar sportga befarq ekani alohida qayd etildi.
Maktablarda esa sport to‘garaklari ko‘p hollarda "nomiga" ishlayotgani aytildi. Jizzax viloyati, Qashqadaryo viloyati va Farg‘ona viloyatida o‘quvchilarning katta qismi jismoniy tayyorgarlik talablarini bajara olmagan.
Yig‘ilishda sport maktablari iqtidorli yoshlarni izlab topish o‘rniga tayyor sportchilar bilan ishlayotgani ham tanqid qilindi. Jumladan, Samarqand viloyatida mavjud imkoniyatlarga qaramay, yoshlarni qamrab olish darajasi pastligicha qolmoqda.
Prezident barcha hududlarda ommaviy sportni rivojlantirish, maktablarda to‘garaklarni kuchaytirish va Zarbdor tajribasini keng joriy etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.






