AsosiyJamiyat

Samarqandda o‘ldirilgan ayolning jasadi 3 oydan beri topilmayapti

Ayolni 30 yosh atrofidagi yigit o‘ldirgan bo‘lishi mumkin.

'Samarqandda o‘ldirilgan ayolning jasadi 3 oydan beri topilmayapti'ning rasmi

Samarqandda dekabr oyida yo‘qolgan 38 yoshli ayolning jasadi 3 oydan buyon topilmayapti. Bu haqda “Millar” xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, ayolni 30 yosh atrofidagi yigit o‘ldirgan bo‘lishi mumkin. Marhumaning yaqinlari aytishicha, u o‘sha kuni uyidan chiqib ketgan va qaytmagan. U ishdan kelib choy ichgan, keyin esa tanish yigit qarz masalasini hal qilish bahonasida olib chiqib ketgan. Oradan ko‘p o‘tmay uning telefoni o‘chgan va aloqa uzilgan.

Taxminlarga ko‘ra, yigit va ayol o‘rtasida kelib chiqqan janjal oqibatida ayolga bir necha bor pichoq urilgan, keyin esa bo‘g‘ib o‘ldirilgan.

Shundan so‘ng gumonlanuvchi jasadi Spark avtomashinasida olib kelib, Darghom kanali hududiga tashlagan bo‘lishi mumkin. Marhumaning yaqinlari uning jasadi Ravotxo‘ja hududi yaqinida bo‘lishi ehtimolini bildirishgan.

3 oydan ortiq vaqt o‘tganiga qaramasdan, jasadi topilmadi. Mahalliy aholi odatda bunday holatlarda 60–70 kun ichida suv yuzasiga chiqishini aytishgan, ammo bu safar iz ham topilmadi.

Dastlab qidiruv ishlari 27-yanvargacha davom etgan, keyin esa to‘xtatilgan. 2026 yil 25 mart kuni suv vaqtincha to‘xtatilib, yana qidiruv olib borilgan, ammo natija bermagan.

Samarqand viloyati prokuraturasi xabar qilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar