Bugun, 26 mart kuni Rossiyaning Chelyabinsk shahridagi 32-maktabda 9-sinf o‘quvchisi tomonidan sodir etilgan otishma oqibatida o‘qituvchi va o‘quvchilar jabrlandi.
Ma’lum qilinishicha, 15 yoshli o‘quvchi dars vaqtida sinfga kirib, avval ikki o‘qituvchiga gaz purkagich ishlatgan, so‘ng esa sinfdosh qizga o‘q uzgan. Keyin qochishga uringan vaqtda oynadan sakrab, oyog‘ini sindirgan.
Hujumchi va jabrlangan o‘quvchi shifoxonaga yotqizilgan. O‘qituvchilardan biriga kimyoaviy kuyish tashxisi qo‘yilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘quvchi ilgari tinch va jiddiy bo‘lgan, karate bilan shug‘ullangan. Hodisaning ehtimoliy sababi sinfdosh qizga nisbatan rashk bo‘lgani aytilmoqda.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan qasddan o‘ldirishga urinish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Hodisadan so‘ng maktab vaqtincha yopilib, o‘quvchilar uylariga jo‘natilgan.






