Habarlarga ko‘ra, kemalar Eronga qarshi harakatlarda ishtirok etmasa va xavfsizlik talablariga rioya qilsa, Tehron bilan kelishilgan holda bo‘g‘ozdan xavfsiz o‘tishi mumkin. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bu imtiyoz faqat ayrim davlatlarga berilayotganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Iroq va Pokiston kemalariga o‘tishga ruxsat berilgan.
Kuzatuvchilar so‘nggi kunlarda Eron ayrim tankerlarni o‘z hududiy suvlaridan o‘tkazib, ularni tekshirayotgan bo‘lishi mumkinligini qayd etmoqda. Ayrim holatlarda, asosan Xitoyga tegishli kemalar avval ham o‘tkazilgani aytilmoqda.
Ma’lumki, Hormuz bo‘g‘ozi Fors ko‘rfazini ochiq okean bilan bog‘laydigan strategik yo‘l bo‘lib, u orqali jahon neftining qariyb 35 foizi va suyultirilgan gazning katta qismi tashiladi.
Avvalroq AQSh va Isroil tomonidan Eronga qarshi harbiy harakatlar boshlangani so‘ng, Tehron bo‘g‘ozni yopib, ayrim kemalarga hujum qilgani xabar qilingan. Shu vaqtdan beri kamida 22 ta kema hujumga uchragan, minglab kemalar esa Fors ko‘rfazida to‘xtab qolgan.
22 mart kuni AQSh prezidenti Donald Trump Eronni 48 soat ichida bo‘g‘ozni ochishga chaqirgan va aks holda energetika ob’yektlariga zarba berish bilan tahdid qilgan edi. Keyinchalik bu reja muzokaralar foydasiga vaqtincha to‘xtatilgan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Eron mojaroni hal etish uchun bir qator shartlarni ilgari surgan. Ular orasida mintaqadagi barcha frontlarda harakatlarni to‘xtatish, urush qayta takrorlanmasligi uchun mexanizmlar ishlab chiqish, yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lash va Tehronning Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratini tan olish kabi talablar bor.






