Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari Eronga qarshi harbiy harakatlarda AQShga yordam ko‘rsatmoqda va o‘z qo‘shinlarini qurolli mojaroga bevosita jalb qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deyaxabar bermoqda Zamon.uz nashri The Wall Street Journal'ga tayanib.
Ma'lum qilinishicha, hozircha ikkala davlat harbiy infratuzilmalardan foydalanishga ruxsat berish va Tehronga iqtisodiy bosim o‘tkazish orqali AQShga yordam bermoqda. Shu bilan birga mazkur davlatlar harbiy kuchlarni qo‘llash masalasini ham muhokama qilmoqda.
Shuningdek The Wall Street Journal Saudiya Arabistoni AQSh qo‘shinlariga Arabiston yarimoroli g‘arbida joylashgan Shoh Fahd aviabazasidan foydalanishga ruxsat berganini qo‘shimcha qilgan.
Nashr manbalariga ko‘ra, Saudiya Arabistonining taxt vorisi Muhammad bin Salmon hozir mamlakatning bevosita harbiy harakatlarda ishtirokini ko‘rib chiqmoqda. Boshqa manba esa Saudiya Arabistoni urushga kirishi — "vaqt masalasi" ekanini bildirgan.
O‘tgan hafta Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Saudiya Arabistonining Eron hujumlariga bo‘lgan sabri cheksiz emasligini, agar zarur bo‘lsa mintaqadagi davlatlar Eronga qarshi tura olishini ma'lum qilgan.
"BAA hozircha faqat iqtisodiy choralar bilan cheklanmoqda. Masalan, amirliklar Eron aktivlarini milliardlab dollar miqdorida muzlatib qo‘yish bilan tahdid qilgan, shuningdek, Dubaydagi Eron muassasalarini allaqachon yopgan. Hozirda BAAda urushda bevosita ishtirok etish imkoniyati to‘liq inkor etilmayapti", deyiladi xabarda.






