Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimi va iftorlikda ishtirok etdi. Tadbirga hududlardan studiyalar orqali nuro‘nlar, olim-ulamolar va jamoatchilik vakillari ulandi. Shuningdek, turli millat va diniy konfessiyalar a’zolari, diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi.
Davlat rahbari yig‘ilganlarni muborak Ramazon oyi bilan tabriklab, tinchlik va sog‘lik ne’matlari uchun shukronalik bildirdi. Ushbu oyda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ko‘mak ko‘rsatish ishlari keng quloq yoygani, davlat va nodavlat tashkilotlar, xayriya jamg‘armalari hamda tadbirkorlar tomonidan xayrli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Marosimda Islom tsivilizatsiyasi markazining ochilishi mamlakat hayotidagi muhim tarixiy voqea ekani ta’kidlandi. Prezident mazkur majmua yurtimizning boy tarixi va madaniyati, ilmiy merosini namoyon etuvchi yirik ma’rifiy maskan ekanini bildirdi.
Qayd etilishicha, markaz hududi qariyb 10 gektarni, binolarning umumiy maydoni esa 50 ming kvadrat metrni tashkil etadi. U yerda turli davrlarga oid ekspozitsiyalar, jumladan, islomgacha bo‘lgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga bag‘ishlangan zallar joy olgan.
Shuningdek, markazda dunyodagi eng qadimiy Qur’oni karim nusxalaridan biri – Usmon mus’hafi saqlanmoqda. Ekspozitsiyani boyitish maqsadida minglab noyob qo‘lyozmalar va tarixiy ashyolar jamlangan.
Davlat rahbari usbu markaz kelgusida yoshlarni ilm-ma’rifatga undaydigan, milliy g‘ururni mustahkamlaydigan muhim ma’naviy makon bo‘lishini ta’kidladi. Tadbir so‘ngida Qur’on tilovati qilindi va yurt tinchligi, xalq farovonligi uchun duolar o‘qildi.






