Nashrda ta’kidlanishicha, Toshkent — Markaziy Osiyodagi eng yirik shahar — o‘z tarixi davomida turli sivilizatsiyalar ta’sirida shakllangan. Buyuk Ipak yo‘li davri va arab sulolalaridan tortib keyingi tarixiy bosqichlargacha bo‘lgan madaniy ta’sirlar bugungi kunda ham shahar me’moriy qiyofasida namoyon bo‘lib turibdi. Ipak yo‘li davri yodgorliklarining ko‘k gumbazlaridan tortib sovet modernizmiga xos ifodali me’moriy shakllarigacha bo‘lgan manzaralar buning yorqin namunasidir.
Nashr, ayniqsa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga alohida e’tibor qaratgan. Maqolada qayd etilishicha, mazkur yirik madaniy-ma’rifiy majmua islom madaniyati, ilmi va ma’naviy merosi tarixiga bag‘ishlangan muzey, ko‘rgazma va ta’lim maydonlarini o‘z ichiga oladi. Mualliflar fikricha, Markazning barpo etilishi O‘zbekistonning jahon madaniy sahnasidagi o‘rnini mustahkamlashga bo‘lgan intilishini ifoda etadi.
Materialda shuningdek, Toshkentda zamonaviy madaniy muhitning faol rivojlanayotgani ham ta’kidlanadi. Jumladan, Zamonaviy san’at markazining ochilishi va poytaxtning tarixiy mahallalarida xalqaro badiiy rezidensiyalarning paydo bo‘layotgani tilga olinadi.
Bu e’tirof O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi ma’lumotlarning Smithsonian Magazine, BBC Travel, BBC History va National Geographic kabi nufuzli xalqaro nashrlar va reytinglarda ham e’lon qilingani bilan yanada mustahkamlanmoqda. Ushbu ommaviy axborot vositalarida Markaz haqida ma’lumotlarning paydo bo‘lishi uni jahon miqyosidagi yirik muzey tashabbuslari — Los-Anjelesdagi Lucas Museum of Narrative Art, Vashingtondagi National Geographic Museum of Exploration va Londondagi London Museum kabi muassasalar bilan bir qatorga qo‘ymoqda.
Toshkent shahri va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining nufuzli xalqaro nashr tomonidan tavsiya etilgan sayohat yo‘nalishlari ro‘yxatiga kiritilishi jahon hamjamiyatining O‘zbekiston madaniy merosiga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini tasdiqlaydi hamda mamlakatning Markaziy Osiyodagi muhim madaniy va turistik markaz sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Condé Nast Traveler — sayohat va madaniyatga ixtisoslashgan eng ta’sirli xalqaro nashrlardan biri bo‘lib, 1987 yilda AQShda tashkil etilgan. U Condé Nast media xoldingi tarkibiga kiradi. Mazkur xolding shuningdek Vogue, The New Yorker va GQ kabi mashhur jurnallarni ham nashr etadi. Jurnalning oylik global auditoriyasi 16 milliondan ortiq o‘quvchini tashkil etadi va u jahon turizm industriyasi uchun asosiy yo‘naltiruvchi manbalardan biri hisoblanadi, sayohat va madaniy turizm sohasida xalqaro kun tartibini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.






