Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida qariyb 21 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi. Bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lum qildi.
Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tadbirda 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi “Spark” avtomashinasi to‘xtatilib, uning salonidan 9960 dona “Zardeks” dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, Namangan viloyati Pop tumanidagi YPH maskanida Quvasoylik fuqaro boshqaruvidagi “Kobalt” avtomashinasi tekshirilganda, eshiklarining ichki qismiga yashirilgan 8000 dona “Zardeks” hamda 309 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi aniqlandi.
Bag‘dod tumanida esa “Neksiya” avtomashinasidan 1691 dona “Regapen” dori vositasi olingan. Yana bir holatda Farg‘ona tumanida ikki nafar fuqaro 1274 dona “Regapen” dorisini 56 million so‘mga sotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251¹, 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.






