Turkiyaning Balikesir viloyatida bo‘sh yer maydonidan topilgan ayol jasadi 21 yanvardan buyon qidiruvda bo‘lgan 46 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Dilafruz Cho‘liyevaga tegishli ekani aniqlandi. Bu haqda "Haber Turk" nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Balikesirning Havran tumani Chamdibi mahallasida jasad topilgani haqida xabar kelib tushgan. Hodisa joyida olib borilgan tekshiruvlar natijasida marhuma Burhaniye tumani Emniyat boshqarmasi tomonidan “bedarak yo‘qolgan shaxs” sifatida qidiruvda bo‘lgan Dilafruz Cho‘liyeva ekani tasdiqlangan.
Jasad sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazish uchun Bursadagi tegishli muassasaga yuborilgan.
Mazkur holat yuzasidan ayolning sevgilisi ekani aytilgan 44 yoshli I.I. hamda uning tanishlari — B.N. (40), B.U. (40) va M.K. (22) qo‘lga olingan. So‘roqdan so‘ng I.I. sud qarori bilan hibsga olingan, qolgan uch nafar shaxs esa sud jarayoni davomida qamoqqa olinmasdan qo‘yib yuborilgan.
Marhumaning o‘g‘li Shohruh To‘raqulov avvalroq onasi qandli diabet bilan og‘riganini, dori-darmonlarni o‘z vaqtida qabul qilmasa sog‘lig‘ida jiddiy asoratlar kuzatilishini aytib, yordam so‘ragan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Dilafruz Cho‘liyeva ishlash maqsadida Turkiyaga borgan va Burhaniye tumanida keksa bemorga qarab kelgan. U 21 yanvar kuni bozorga chiqish uchun ruxsat olib, ortga qaytmagan. Yaqinlari va ish beruvchilari tomonidan qidiruvga berilgan ayolning yo‘qolgani haqida O‘zbekistonning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalari ham xabardor qilingan edi.
Holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.






