Vazirlik tizimda muammolar saqlanib qolayotganini tan olib, jamoatchilik nazoratisiz vaziyatni tubdan o‘zgartirish qiyinligini bildirdi.
Asilbek Xudoyorov sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsiyaga qarshi kurash masalasida ochiq bayonot bilan chiqdi. Uning ta’kidlashicha, tizimda xavf-xatarlarni barvaqt aniklash va budjet mablag‘lari sarfini nazorat qilish uchun "Vaziyatlar markazi" tashkil etilgan, 1203 qisqa raqami orqali tun-u kun ishlovchi ishonch telefoni yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, "sirli mijoz" instituti joriy etilgan, DMED tizimi orqali esa tibbiy xizmatlarda korrupsion omillarni kamaytirish ko‘zda tutilgan. Fuqarolar qonunbuzarliklar haqida ishonch telefoni yoki info@ssv.uz elektron manzili orqali xabar berishi mumkin. Vazirlik murojaatlarning maxfiyligi kafolatlanishini bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘rilgan choralar natijasida sohadagi korrupsion jinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan 5,6 foizga kamaygan. Biroq vazirlik bu natijani yetarli deb hisoblamayapti.
Shu bilan birga, Toshkent davlat tibbiyot universiteti va boshqa tibbiyot oliygohlarida "Tibbiyotda korrupsiya profilaktikasi" maxsus fani joriy etilgan. Hozirgacha minglab talabalar va tibbiyot xodimlari ushbu kurslarda tahsil olgan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, "bilsangiz — xabar bering" tamoyili tizimni sog‘lomlashtirishning asosiy shartlaridan biri bo‘lib qolmoqda.






