Turkmaniston xalq maslahati raisi, mamlakat sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhammadov samolyoti AQShda shikastlanganligi ma'lum bo'ldi. Bu haqda Turkmen news xabar berdi.
Unga ko'ra, Gurbanguli Berdimuhammadov 16 fevraldan 18 fevralgacha Florida shtatida tashrif bilan bo'lgan. Davlat omma-viy axborot vositalari tashrif dasturi haqida xabar bermagan. Biroq ushbu tashrif "ikki mamlakat o'rtasidagi konstruktiv munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun keng istiqbollar ochishi" ta'kidlangan.
Berdimuhammadov Fort-Loderdeyl xalqaro aeroportiga Boeing-777 (bort raqami EZ-A780) samolyotida uchib kelgan. Ammo mahalliy bloggerlar va jurnalistlar tomonidan olingan kadrlarda laynerning gorizontal stabilizatori shikastlanganini ko'rish mumkin.
Berdimuhammadovning ortidan Ashxoboddan bort raqami EZ-A700 bo'lgan hukumatga qarashli boshqa bir Boeing-737 samolyoti uchib kelgan, u yo'lda Glazgoda (Shotlandiya) yoqilg'i quyish uchun qisqa muddatga to'xtaganligi ma'lum bo'lgan. Shundan so'ng samolyot Fort-Loderdeylda taxminan to'rt soat turgan va Germaniyaning Myunxen shahrida yoqilg'i quyib olgach, Ashxobodga uchib ketgan.






