Holat yuzasidan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Astronomiya instituti mutaxassislari dastlabki o‘rganish ishlarini olib borganini ma’lum qildi.
Institut bayonotiga ko‘ra, videoda qayd etilgan hodisaning meteorit tushishi yoki boshqa tabiiy yo texnogen manba bilan bog‘liq ekani hozircha rasman tasdiqlanmagan. Yer yuzasiga etib kelgan qoldiqlar aniqlanmaguncha hodisaning tabiati haqida qat’iy xulosa berish imkonsiz.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Quyosh tizimida harakatlanuvchi kichik qattiq jismlar Yer atmosferasiga kirganda yorqin iz qoldiradi va bu hodisa meteor deb ataladi. Agar jism atmosferada to‘liq yonib ketmay, Yer yuzasiga etib kelsa, u meteorit hisoblanadi.
Ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, sutka davomida atmosferaga millionlab mayda kosmik zarralar kiradi, ammo ularning aksariyati yonib ketadi. Aholi yashash hududlariga yirik meteorit tushishi esa juda kam kuzatiladi. Qo‘shimcha ma’lumotlar aniqlanishi bilan jamoatchilikka rasman xabar berilishi bildirildi.






