Janubiy Koreya sobiq prezidenti 2024 yil oxirida harbiy holat joriy etgani ortidan isyon uyushtirishda aybdor deb topildi. Prokuratura unga nisbatan o‘lim jazosi so‘ragan edi.
Yonhap xabariga ko‘ra, sud Yun Sok Yolni konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish va isyon tashkil etish ayblovlari bilan umrbod ozodlikdan mahrum qildi. U 2022 yil mayidan boshlab prezident lavozimida ishlagan.
2024 yil dekabrida qisqa muddatga harbiy holat joriy etilgach, Janubiy Koreya Milliy assambleyasi tomonidan impichment e’lon qilingan. 2025 yil aprelida impichment tasdiqlanib, u lavozimidan chetlatilgan. Shundan so‘ng bir necha bor tergovga chaqirilgan va oxir-oqibat hibsga olingan.
Avvalroq, 2026 yil yanvarida sobiq prezident hokimiyatni suiiste’mol qilish va hibsga olishga qarshilik ko‘rsatish ayblovlari bilan 5 yilga qamalgan edi.
Prokurorlar isyon aybi bo‘yicha unga nisbatan o‘lim jazosi tayinlashni so‘ragan, biroq sud eng og‘ir jazo sifatida umrbod qamoqni belgiladi.






