AsosiyJamiyat

7 mingga yaqin kishining shaxsiy maʼlumotlarini olib, firibgarlik qilgan fuqaro qoʻlga tushdi.

Toshkentda axborot tizimidan foydalanib, fuqarolarning pullarini firibgarlik bilan o‘zlashtirgan shaxs ushlandi.

'7 mingga yaqin kishining shaxsiy maʼlumotlarini olib, firibgarlik qilgan fuqaro qoʻlga tushdi.'ning rasmi

Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

1995 yilda Surxondaryo viloyati, Termiz shahrida tug‘ilgan ushbu shaxsning noqonuniy qilmishi Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda fosh etilgan. U Farg‘ona tumani Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi "g" bandiga (axborot tizimidan, shu jumladan, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan firibgarlik) asosan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida Toshkent shahar, Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirida ushlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona tuman, "Shohimardon" mahallasida yashovchi fuqaro Ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan. Unga ko‘ra, Telegram orqali noma’lum shaxs qo‘ng‘iroq qilgan. O‘zini Green Bio Face MChJdan ekanini aytib, "Omadli mijoz" loyihasida g‘olib bo‘lganini va u tanlagan maishiy texnika buyumining 80 foizini mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyat qoplab berishini, qolgan 20 foiz pulni esa ko‘rsatilgan bank plastik kartasi hisobiga o‘tkazib berishini aytgan.

Jabrlangan esa uning so‘zlariga ishonib, 3,5 million so‘m pulni o‘tkazib bergan. Ushbu shaxs Telegramda Green Bio nomli sahifa ochib, jinoyiy faoliyatini amalga oshirib kelgani, telefon apparati ko‘zdan kechirilganda "Laktovita" nomli tibbiy dori vositasi savdosini amalga oshiruvchi korxona orqali ro‘yxatdan o‘tib, buyurtma bergan 6871 nafar kishining shaxsga doir ma’lumotlarini yuklab olgani va bundan tashqari, fuqaro Toshkent shahar, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi shaxslarga nisbatan ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etgani ma’lum bo‘lgan.

"Sotuv menejeri lavozimida ishlagaman. Ishdan bo‘shashim bilan oldin ishlagan mijozlarimga telefon qilib, 80 foiz imtiyozli voucher yutganliklarini aytib, pul o‘tkazdirib olganman va o‘z ehtiyojlarim uchun ishlatib yuborganman", degan qo‘lga olingan shaxs.

Ayni paytda holat yuzasidan tergovgacha tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar