Rossiyada mehnat migrantlariga nisbatan yangi tartiblarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Hukumatning qonunchilik faoliyati bo‘yicha komissiyasi xorijiy fuqarolarning huquqiy maqomi hamda Soliq kodeksiga kiritilayotgan tegishli o‘zgartirishlarni ma’qulladi. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘zgartirishlar migrantlar daromadlari ustidan nazoratni kuchaytirish, soliq to‘lovlarini oldindan undirish hamda qoidabuzarlik holatlarida Rossiyada qolish muddatini qisqartirishni nazarda tutadi. Xususan, vaqtincha yashovchi xorijiy fuqarolar Ichki ishlar vazirligiga qonuniy daromadlarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi shart bo‘ladi. Daromad tasdiqlanmagan taqdirda, vaqtincha yashash muddati qisqartirilishi mumkin.
Shuningdek, minimal daromad darajasi belgilanishi, agar migrantning oylik daromadi hududiy yashash minimumidan past bo‘lsa, ish ruxsatnomasini olish yoki uni uzaytirishga ruxsat berilmaydi. Ayrim toifalar — birinchi marta patent olayotganlar va jismoniy shaxslar uchun ishlovchilarga nisbatan istisnolar saqlab qolinadi.
Bundan tashqari, shaxsiy daromad solig‘ini oldindan to‘lash talabi joriy etiladi. Jismoniy shaxslar tomonidan yollangan migrantlar uchun har bir voyaga yetmagan bola uchun to‘lov miqdori 50 foizga oshiriladi. Rossiya Advokatlar assotsiatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, bazaviy oylik to‘lov tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun 1200 rubl, jismoniy shaxslar tomonidan yollangan migrantlar uchun esa 1700 rubl etib belgilangan.






