O‘zbekistonda mehnat migratsiyasida bo‘lgan fuqarolar vafot etgan taqdirda ularning jasadini vatanga olib kelish bilan bog‘liq xarajatlar endilikda davlat tomonidan qoplanadi. Bu norma “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan yangi qo‘shimcha orqali belgilandi.
Mazkur tartibga ko‘ra, mehnat migratsiyasi davrida xorijda vafot etgan O‘zbekiston fuqarolarining jasadini olib kelishni tashkil etish xarajatlari Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Ushbu mablag‘lar Vazirlar Mahkamasining huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan amaldagi qonunchilikka muvofiq ajratiladi.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2025 yil 1 iyul kuni qabul qilingan, Senat tomonidan esa 2025 yil 4 sentyabrda ma’qullangan. Hujjat bilan bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zaro muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham kiritilgan.
Mazkur o‘zgarishlar fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, mehnat migratsiyasida bo‘lgan yurtdoshlarning oila a’zolarini ortiqcha moliyaviy yukdan himoya qilishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, jasadni vatanga qaytarish jarayonini moliyaviy jihatdan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmi aniq belgilandi.






