Toshkent–Chorvoq avtomobil yo‘lining ayrim qismlarida harakat tezligi 80 km/soatgacha cheklandi. Bu haqda 2 fevral kuni qabul qilingan Toshkent viloyati Xalq deputatlari kengashi qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, davlat ahamiyatiga ega "Bektemir–Chirchiq–G‘azalkent–Chorbog‘ qo‘rg‘oni" avtomobil yo‘lining 19–74 kilometrlari oralig‘ida tezlikka rioya etilmasligi oqibatida 2025 yil davomida 63 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Natijada 15 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 50 nafar inson turli darajada tan jarohati olgan.
Shu munosabat bilan 4P-12 avtomobil yo‘lining aholi yashash joylaridan tashqari bo‘lgan olti qismida maksimal tezlik 100 km/soatdan 80 km/soatga tushirildi.
Ma’lumot o‘rnida, avvalroq Angren shahrida tezlik belgilarining noma’lum shaxslar tomonidan o‘zgartirib qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi.






