O‘zbekistonda ayrim mahalliy hokimiyat organlari tomonidan xodimlarni aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga ish vaqtidan tashqari majburan jalb qilish holatlari aniqlandi. Mehnat inspektsiyasi ma’lum qilishicha, bunday ishlar ayrim joylarda "majburiy topshiriq" deb nomlanib, amalga oshirilgan.
O‘tkazilgan tekshiruvlar yakuniga ko‘ra, Buxoro shahri hamda Olmako‘l, Asaka va Marhamat tumanlari hokimliklariga rasmiy ravishda ogohlantirish xatlari yuborilgan. Shuningdek, Andijon viloyati hokimligiga aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha takdimnoma kiritilgan.
Mehnat inspektsiyasi ta’kidlaganidek, xodimni uning roziligisiz, turli bosimlar yoki xizmat topshiriqlari asosida ish vaqtidan tashqari mehnatga jalb qilish majburiy mehnat hisoblanadi va amaldagi qonun talablariga ziddir. Ayniqsa, bunday holatlarning davlat organlari tomonidan sodir etilayotgani jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.
Inspektsiya ta’kidlashicha, ish vaqtidan tashqari ishlar faqat xodimning ixtiyoriy roziligi asosida amalga oshirilishi mumkin. Bunda Mehnat kodeksining 262-moddasiga muvofiq tegishli haq to‘lanishi shart. Qonunga ko‘ra, dastlabki ikki soat uchun kamida 1,5 baravar, undan ortiq soatlar uchun esa kamida 2 baravar miqdorda mehnat haqi to‘lanishi belgilangan.






