AsosiyJamiyat

Armaniston Solovyov bayonotlari ortidan Rossiya elchisiga norozilik notasi topshirdi

Armaniston Tashqi ishlar vazirligi rossiyalik teleboshlovchi va propagandachi Vladimir Solovyovning bayonotlari sabab Rossiyaning Yerevandagi elchisi Sergey Kopirkinni vazirlikka chaqirtirdi.

'Armaniston Solovyov bayonotlari ortidan Rossiya elchisiga norozilik notasi topshirdi'ning rasmi

Armaniston TIV matbuot kotibi Ani Badalyan ma'lum qilishicha, norozilik Solovyovning davlat telekanalida aytgan fikrlari bilan bog'liq. Unda teleboshlovchi Armaniston va Markaziy Osiyo respublikalari hududida Rossiya tomonidan "maxsus harbiy operatsiya" o'tkazish ehtimolini ochiqchasiga tilga olgan.

"Davlat telekanali efirida bildirilgan bu bayonotlar Armaniston Respublikasi suverenitetiga nomaqbul tajovuz, dushmanlik ko'rinishi bo'lib, Armaniston va Rossiya o'rtasidagi do'stona munosabatlarning asosiy tamoyillarini qo'pol ravishda buzadi", — dedi Badalyan.

Rossiya va Armaniston rasman ittifoqchi davlatlar sanaladi. Har ikki mamlakat Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) va Bojxona ittifoqiga a'zo. Biroq so'nggi yillarda, ayniqsa Ozarbayjon bilan mojaro fonida Rossiyaning Armanistonni yetarli darajada qo'llab-quvvatlamagani sabab rasmiy Yerevan AQSh va Europa Ittifoqi bilan hamkorlikni kuchaytirishga urinmoqda. Shu bilan birga, Rossiya telekanallarida Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan hukumatini muntazam tanqid qilib kelinadi.

Eslatib o'tamiz, Vladimir Solovyov avvalroq Rossiya "xalqaro huquqqa tupurib", Armaniston va Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiya "ta'sir doirasi"dan chiqib ketishiga yo'l qo'ymaslik uchun ularning ichki ishlariga kuch bilan aralashishi mumkinligi haqida bayonot bergan edi.

U o'z chiqishida Armanistondan "ayrilish" Rossiya uchun strategik inqiroz bo'lishini, Markaziy Osiyodagi vaziyat esa milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid solishini ta'kidlab, Ukrainadagi kabi harbiy amaliyotlar boshqa hududlarda ham o'tkazilishi mumkinligini aytgandi.

Mazkur fikrlar nafaqat Armanistonda, balki Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham keskin norozilikka sabab bo'ldi. Xususan, O'zbekistonda jamoatchilik rasmiylardan qat'iy pozitsiya bildirishni so'rab, Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda norozilik notasini topshirishi kerakligini ta'kidlamoqda.

    Boshqa yangiliklar