O‘zbekiston G‘azo sektoridagi vaziyatni chuqur tashvish bilan kuzatmoqda va uni insonparvarlik fojiasi sifatida baholamoqda.
TIV ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarga to‘liq amal qilinishini, gumanitar yordamning to‘sqinliksiz etkazilishini va mojaroni “ikki xalq – ikki davlat” tamoyili asosida siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, O‘zbekiston jafokash Falastin xalqiga insonparvarlik yordamini izchil davom ettirmoqda. Xususan, 100 nafar falastinlik bemor davolanish uchun O‘zbekistonga olib kelingan va ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish maqsadida prezident tomonidan maxsus farmon qabul qilingan.
Tashqi ishlar vazirligi mintaqada barqaror tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi xalqaro sa’y-harakatlarni ham qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Shu bilan birga, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatga O‘zbekistonning munosabati ilgari e’lon qilingandi.






