Unda jahon ahamiyatiga ega eng nodir madaniy meros buyumlari aks ettirilgan bo‘lib, O‘zbekistoni islom olamining eng muhim tarixiy markazlaridan biri sifatida ochib beradi.
Ta’kidlash joizki, mazkur film CNN tashabbusi bilan yaratilgan bo‘lib, mashhur xalqaro telekanalning mualliflik loyihasi hisoblanadi. Yangi yil dasturlari davomida film besh marta namoyish etildi. Bu esa Islom tsivilizatsiyasi markazi mavzusiga hamda O‘zbekistonning madaniy merosiga xalqaro tahriiyat va auditoriya tomonidan katta qiziqish va e’tibor qaratilganidan dalolat beradi.
Hujjatli film namoyishidan oldin eksklyuziv videorolik taqdim etildi. Unda Islom tsivilizatsiyasi markazining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga oid mualliflik kontseptsiyasi yoritilgan. Videomaterialda xalqaro siyosatchilar va jamoat arboblari loyihani yuqori baholab, uni ma’rifat, mulogot va gumanistik qadriyatlarga yo‘naltirilgan zamonaviy madaniy-tsivilizatsiyaviy makon sifatida e’tirof etdilar.
Videorolikda Islom tsivilizatsiyasi markazining noyob lavhalari, jumladan, afsonaviy Usmon mus’hafi, Muqaddas Ka’baning kalitlari, Amir Temur bisotida saqlangan Qur’ondan bir parcha, shuningdek, islom va jahon madaniy merosining xazinasini tashkil etuvchi boshqa butun dunyo ahamiyatidagi artefaktlar namoyish etilgan. Ushbu material Euronews telekanali efir dasturida ham taqdim etilgan.
10 gektar hududda barpo etilgan majmua beshta galereyani birlashtirib, islomni bilim va bag‘rikenglik dini sifatida ochib beradi. Markaz ekspozitsiyalari Movarounnahr allomalarining jahon ilmi va madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini yaqqol namoyish etadi.
Markazning xalqaro e’tirofi "Oskar" mukofoti sohibi Ben Kingsley ishtirokida amalga oshirilgan "Ma’rifat aks-sadosi" madaniy-ma’rifiy loyihasi bilan ham tasdiqlanadi. Bu esa ushbu tashabbusning yuqori maqomi va ahamiyatini yanada yaqqol ko‘rsatadi.






