Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida sud boshqaruvchisi yordamchisining korrupsion jinoyati aniqlandi. Bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, faoliyati to‘xtatilgan mineral o‘g‘itlar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi ishlab chiqarish kooperativiga biriktirilgan sud boshqaruvchisi yordamchisi mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi MChJning mazkur kooperativdagi 1 mlrd 502 mln so‘mlik qarzidan 300 mln so‘mini undirib berish evaziga 4 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u 48 mln so‘m pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






