AsosiyDunyo

To‘qayev Qozog‘istonning yadroviy quroldan voz kechish sababini izohladi

Qozog‘iston prezidenti yadroviy arsenaldan voz kechish zaiflik emas, balki tinchlik va global xavfsizlikka sadoqat ekanini ta’kidladi.

'To‘qayev Qozog‘istonning yadroviy quroldan voz kechish sababini izohladi'ning rasmi

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 19 dekabr kuni Tokio shahridagi BMT universitetida so‘zlagan nutqida mamlakati negadir yadroviy quroldan voz kechganini izohladi.

Uning ta’kidlashicha, Qozog‘istonning usbu qarori strategik uzoqni ko‘ra bilish hamda tinchlik va butun insoniyat xavfsizligiga qat’iy sadoqatning ifodasi hisoblanadi. To‘qayev yadroviy tahdidlar kuchayib borayotganini qayd etib, Qozog‘iston va Yaponiya kabi davlatlar yadroviy qurolning og‘ir oqibatlarini chuqur anglashi mumkinligini aytgan.

"Hiroshima, Nagasaki va Semipalatinsk yadroviy mas’uliyat qanchaliq qimmatga tushishini eslatib turadi. Mustaqillikka erishgach, Qozog‘iston tarixiy qaror qabul qilib, Semipalatinsk yadroviy poligonini yopdi va dunyodagi to‘rtinchi eng yirik yadroviy arsenaldan voz kechdi. Bu zaiflik emas, balki tinchlikka sadoqat belgisi edi", dedi prezident.

To‘qayevning aytishicha, oradan 30 yil o‘tganiga qaramay, Qozog‘istonning pozitsiyasi o‘zgarmagan. U xalqaro hamjamiyatni to‘liq yadroviy qurolsizlanish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni faollashtirishga hamda Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomaning kuchga kirishini ta’minlashga chaqirgan.

Shuningdek, Qozog‘iston prezidenti yadroviy davlatlar o‘rtasida muloqotni qayta tiklash, yadroviy qurolni qo‘llash va sinovdan o‘tkazish tahdidini bartaraf etish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, 1949–1989 yillarda Qozog‘istondagi Semipalatinsk poligonida 450 dan ortiq yadroviy sinov o‘tkazilgan. 1991 yil 29 avgustda poligon yopilgan va Qozog‘iston yadroviy quroldan ixtiyoriy ravishda voz kechgan ilk davlatlardan biriga aylangan.

    Boshqa yangiliklar