Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakat Parlamentining Maslahatchilar palatasi prezidenti Masakazu Sekiguchi bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishda parlamentlar muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. Maslahatchilar palatasi vakillari joriy yilning aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150 yilligiga bag‘ishlangan sessiyada faol ishtirok etdilar.
Yoshlarning parlamentga oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, O‘zbekiston – Yaponiya yoshlar parlamentlari a’zolari forumini o‘tkazish hamda 2026 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Yoshlar parlamentlari a’zolari global konferensiyasida Yaponiya delegatsiyasining ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratildi.
Parlamentlar oliy darajada erishilgan, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsion, texnologik va madaniy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishi muhimligi ta’kidlandi.






