Iqtisodiyot va tinchlik instituti (Institute for Economics & Peace) tomonidan tuzilgan Global Peace Index 2025 reytingida 163 ta davlat va hudud baholandi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, jahon bo‘yicha tinchlik darajasi ketma-ket oltinchi yil pasaygan bo‘lsa-da, ayrim davlatlar, jumladan O‘zbekiston ijobiy siljish qayd etdi.
Reytingda O‘zbekiston o‘tgan yilga nisbatan ikki pog‘ona yuqorilab, 64-o‘rinni egalladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘iston 56-o‘rin bilan eng yuqori natijani ko‘rsatgan. Qirg‘iziston va Turkmaniston 78-o‘rinni, Tojikiston esa 79-o‘rinni band etgan.
"Global Peace Index" uch asosiy yo‘nalish — jamoat xavfsizligi, mojarolar darajasi va militarizatsiya ko‘rsatkichlari asosida tuziladi. Reyting yetakchisi ketma-ket 17 yildirki Islandiya bo‘lib qolmoqda. Eng xavfli mamlakatlar qatorida esa Rossiya, Ukraina, Sudan, Kongo Demokratik Respublikasi va Yaman qayd etilgan.






