Rossiya prezidenti Vladimir Putin ekstremistik faoliyat yoki terrorizmga aloqador shaxslarning pul mablag‘lari va mol-mulkidan foydalanishini cheklovchi yangi qonunni imzoladi. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.
Yangi qonunga ko‘ra, ekstremistlar va terrorchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar faqat o‘z ehtiyojlari hamda daromad manbayiga ega bo‘lmagan oila a’zolarini ta’minlash uchun cheklangan miqdorda moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin. Bunday xarajatlar qatoriga ish haqi, pensiya, nafaqa, stipendiya va boshqa ijtimoiy to‘lovlar kiradi.
Hukumat Markaziy bank bilan kelishilgan holda, oila a’zolarining har biri uchun oyiga 10 ming rubl miqdorida limit belgilagan. Barcha operatsiyalar Rosfinmonitoring bilan oldindan kelishilishi shart.
Shuningdek, gumonlanuvchi yoki qidiruvda bo‘lgan shaxslarning mablag‘lari Rosfinmonitoring saytida ular haqida ma’lumot e’lon qilinganidan so‘ng 24 soat ichida to‘liq muzlatilishi nazarda tutilgan. BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarida qayd etilgan shaxslarga nisbatan esa moliyaviy cheklovlar oldindan ogohlantirmasdan qo‘llaniladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.






