Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qurilish uchun mo‘ljallangan marmar toshlar orasiga yashirilgan katta miqdordagi narkotik moddalar fosh etildi.
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar hamda Bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda to‘rt nafar shaxs qo‘lga olindi. Ular orasida 1992 yilda tug‘ilgan xorijiy davlat fuqarosi hamda Samarqand viloyatida yashovchi 1981 va 1995 yillarda tug‘ilgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosi bor.
Tergovga ko‘ra, chet ellik fuqaro giyohvandlik vositalarini marmar toshlar orasiga yashirib, O‘zbekiston hududiga olib kirgan. Mahalliy fuqarolar esa ushbu moddalarni tarqatish bilan shug‘ullangan.
Tadbir davomida jami 37 kg 421 gramm “ekstraksion opiy” ashyoviy dalil sifatida olingan. Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.






