Jinoyiy uyushma tashkil etish, bosqinchilik va tovlamachilikda ayblangan 32 yoshli o‘zbekistonlik Turkiya hududida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda IIV xabar berdi.
IIV, Davlat xavfsizlik xizmati hamda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan maxsus operatsiya natijasida xavfli jinoyatchi qo‘lga olingan. Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyiy doirada “Gryaz” laqabi bilan tanilgan, 1993 yilda tug‘ilgan Yo.M. joriy yilning 5 dekabr kuni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.
Ma’lum qilinishicha, ushlangan shaxs respublika hududida bir qator og‘ir jinoyatlarni sodir etgan uyushgan jinoyiy guruhga rahbarlik qilgan. 2023 yilda Yashnobod tumani IIB FMB tomonidan unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan: — 112-moddaning 2-qismi (o‘ldirish yoki zo‘rlilik ishlatish bilan qo‘rqitish); — 164-moddaning 4-qismi (uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan bosqinchilik); — 165-moddaning 3-qismi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik); — 173-moddaning 2-qismi (mulknin qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish); — 242-moddaning 1-qismi (jinoyiy uyushma tashkil etish).
Hozirda qo‘lga olingan shaxs keyingi protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun tergov organlariga topshirilgan. Unga nisbatan uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.






