Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yol 2024 yil dekabr oyida mamlakatda harbiy holat joriy etishni oqlash maqsadida Shimoliy Koreyani agressiyaga undashga harakat qilgan. Bu haqda maxsus prokuror Cho In Sok ma’lum qildi.
Janubiy Koreyada harbiy holat joriy etishga urinish bilan bog‘liq ishni olib borayotgan maxsus prokuror Cho In Sokning ma’lum qilishicha, sobiq prezident Yun Sok Yol KXDR tomonidan harbiy tajovuzni qo‘zg‘atish orqali o‘z harakatlariga siyosiy va huquqiy asos yaratishni rejalashtirgan.
Reuters agentligiga ko‘ra, prokurorning ta’kidlashicha, Yun Sok Yol bu yo‘l bilan harbiy holat e’lon qilishni oqlash hamda siyosiy raqiblarini chetlatishga umid qilgan. Tergov doirasida isyonda ishtirok etgan, deb gumon qilingan 24 nafar shaxsga, jumladan, sobiq prezidentning o‘zi va sobiq hukumat a’zolaridan besh nafarisga nisbatan ayblov qo‘yilgan.
Huquq-tartibot idoralari versiyasiga ko‘ra, Yun Sok Yol Janubiy Koreya harbiy dronlarini Shimoliy Koreya tomon uchirishni buyurgan. Maqsad jang harakatlarini qo‘zg‘atish va buni mamlakatda harbiy holat joriy etish uchun bahona sifatida ishlatish bo‘lgan. Ayrim dronlar KXDR poytaxti Pxenyan yaqiniga qulagan.
Tergovchilarning fikricha, Yun harbiy ma’lumotlarni uzatish orqali “dushman manfaatlariga xizmat qilgan”. Ushbu holat davlatga xiyonat va isyon alomatlari sifatida baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabr oyi boshida byudjet bo‘yicha siyosiy bahslar fonida Yun Sok Yol kutilmaganda mamlakatda harbiy holat joriy etilishini e’lon qilgan edi. U bu qarorni muxolifatning “davlatga qarshi faoliyati” bilan izohlagan.
Biroq Janubiy Koreya parlament mazkur qarorni qo‘llab-quvvatlamagan va davlat rahbari ertasi kuni uni bekor qilishga majbur bo‘lgan. 2024 yil 14 dekabr kuni parlament Yun Sok Yolga impichment e’lon qilgan, 2025 yil aprelida esa mamlakat Konstitutsiyaviy sudi ushbu qarorni tasdiqlagan.
Yun Sok Yol 2025 yil 15 yanvar kuni ikkinchi urinishda hibsga olingan. Avvaliga sud uni qamoqqa olishni belgilagan bo‘lsa-da, 8 mart kuni himoya tomonining iltimosnomasi qanoatlantirilib, u qamoqdan ozod etilgan. Hozirda sobiq prezidentga nisbatan tergov ishlari davom etmoqda.






